Jurnalist Boris Jonson, fizika fanlari doktori Angela Merkel… Evropa rahbarlari universitetni qaysi mutaxassislik bo`yicha tamomlagan

01.03.2021 08:31

Evropa mamlakatlarining rahbarlari qaysi mutaxassislik bo`yicha tahsil olgani haqida qisqacha.

Niderlandiya qiroli Uillem Aleksandr o`rta maktabdan so`ng Uels va Leydenda tarixni o`rgangan. Talabalik davrida serg`ayratligi uchun u Shahzoda Pint laqabini oladi. U shuningdek uchuvchi lisenziyasiga ega bo`lib hatto ushbu sohada bir muddat mehnat qilgan.

G`arbiy Evropada joylashgan, poytaxti Amsterdam bo`lgan Niderlandiya Qirolligi bir yil oldin o`zining ikkinchi nomi «Gollandiya»dan voz kechdi. Hukumatdagilarga ko`ra, bunday choralar ushbu hududning narkotik va boshqa illatlar bilan bog`liq obrazidan xoli qilishga yordam beradi.
Niderlandiya qiroli asosiy boshqaruvchi emas, lekin qaror va qonunlar uning imzosi ostida kuchga kiradi.

* * *

«Nemis mashinasi»ni 2005 yildan buyon boshqarib kelayotgan Germaniya kansleri Angela Merkel («temir xonim») Leypzig universitetini tugatgan, mutaxassisligi kimyo. Shuningdek, fizika fanlari doktori. Germaniya Demokratik Respublikasi FA ning fizik - kimyo markaziy instituti ilmiy xodimi bo`lib ishlagan.

Germaniyaning birinchi va yagona ayol kansleri Merkelni aksariyat nemislar «Mutti», ya`ni onajon deb atashadi.

2006 yildan 2016 yilgacha har yili nufuzli «Forbes» jurnali Angela Merkelni dunyodagi eng qudratli ayol deb e`lon qilgan ( mustasno holat: 2010 yil ushbu unvonga Mishel Obama loyiq ko`rilgan).

Markaziy Evropadagi ushbu davlat Yaqin Sharqdan borgan eng ko`p muhojirlarni qabul qilgan. Katta sakkizlikka kiruvchi Germaniya ikkinchi jahon urushidan keyin barcha sohalarda tez rivojlandi. Ammo 2020 yil boshqa Evropa davlatlari qatori Germaniya iqtisodi 2019 yilga nisbatan ancha pastladi.

* * *

Faoliyatining birinchi yillaridan Rossiyaning SSSR davridagi obro`sini tiklashga harakat qilgan, va buni qaysidir ma`noda uddalayotgan Vladimir Putin Sankt-Peterburg universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. O`qishni tugatgach, Davlat xavfsizlik xizmatiga (Germaniya Demokratik Respublikasiga) ishga yuborilgan. Bir muddat Sankt-Peterburg universiteti rektorining yordamchisi bo`lib ishlagan.

Rossiya «dushmanimning dushmani do`stim» pozisiyasida siyosat olib borib, AQShni o`ziga dushman deb bilgan Xitoy bilan yaqinlashdi. Evropa bilan munosabatlari sovuqlashib borayotgan Putin Rossiyasi asosiy e`tiborini Osiyo va Markaziy Osiyo davlatlariga qaratgan.

* * *

Dunyo gegemonligiga intilayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog`an Imom Hatib maktabida o`qigan. Maktab dasturining to`rtdan bir qismi Qur`on va Payg`ambar Muhammadning (s.a.v) hayotini o`rganishni o`z ichiga olgan. Uning o`qishda ildamligi uchun sinfdoshlari «musulmon o`qituvchisi» deb atashgan.

Erdog`an talabalik yillarida notiqlik va tinglovchilar oldida o`zini namoyish etish qobiliyatini rivojlantirdi. Keyinchalik Marmara Universitetining Iqtisodiyot va ma`muriy fanlar fakulteti sifatida tanilgan Aksaray Iqtisod va tijorat fanlari maktabida biznes ma`muriyatini o`rgangan.

Bugungi Turkiya o`z chegaralaridagi xavfni imkon qadar oqilona bartaraf etishga harakat qilmoqda, jumladan, Suriyadagi kurdlar, Turkiya – Gresiya hududiy muzokaralari haligacha davom etib kelmoqda, har ikki tomon ushbu masala bo`yicha 2002 – 2016 yillarda 60 marotaba uchrashgan.

* * *

Bir paytlar «dengiz hukmdori» deya nom qozongan, 50 tadan ortiq mustamlakasi bo`lgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Oksford universitetining Balliol kollejida ta`lim olib, «Daily Telegraf» matbuotida ishlaydi. Borisning bobolari asli turkiyalik bo`lishgan. Uning bobosining otasi Ali Kemal Usmoniylar imperiyasining so`ngi vaziri Ahmad Teflik qo`l ostida ichki ishlar vaziri bo`lib ishlagan yillarida Kamol Otaturkni qo`lga olish bo`yicha buyruq bergan va keyinchalik hukumatga Otaturk kelgandan so`ng Ali Kemal o`ldiriladi. Shundan so`ng Jonsonning bobosi Buyuk Britaniyaga qochgan.

Tashqi siyosatda Britaniya haligacha Rossiya bilan etarlicha til topisha olgani yo`q. Britaniya ham koronainqirozdan eng ko`p qiynalgan davlatlar qatorida.

* * *

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron universitetni falsafa yo`nalishida tugatgan va ushbu ixtisosligi bo`yicha bir muncha mehnat qilgan. Emmanuel Makron Turkiya – Gresiya muammosi bo`lgan Sharqiy O`rta er dengizi masalasida Gresiya tomonni qo`llab-quvvatlaydi va bu borada Erdog`an bilan kuchli ziddiyatda.

2020 yilda Fransiyada cheklovlar ortidan sayyohlarning keskin kamayishi iqtisodni oldingi yillarga qaraganda sustlashishiga olib keldi. 2020 yilda YaIM 2,6 trillion dollarni tashkil etgan.

* * *

Shvesiya bosh vaziri Leyven Stefan mamlakatdagi universitetlarning birida payvandchi kursini tugatib, bir necha yil zavodda ushbu sohada ishlagan. shuningdek, u gimnaziyada 2 yil iqtisod yo`nalishida tahsil olgan.

Skandinaviya yarim orolining sharqiy qismidagi Shvesiya tashqi siyosatda tinchlik yo`lini tanlagan.

* * *

Belarus xalqining ko`z ochib ko`rgan prezidenti Aleksandr Lukashenko pedagogik ma`lumotga ega va universitetning tarix va ijtimoiy fanlar yo`nalishida tahsil olgan.

Tashqi siyosatda Lukashenko ko`proq Putin Rossiyasiga tayanadi. 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan so`ng muxolif kuchlar ta`sirida xalq norozilik namoyishlarini o`tkazish ortidan Lukashenko iste`fosini talab qilishdi…

Buning ortidan AQSh va bir qator Evropa davlatlari Belarus va uning rasmiylariga sanksiyalar kiritdi.

Internet materiallari asosida Sardorbek Poyonov tayyorladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар