Xalq ta`limi vazirligi bajara olmagan ishni uddalamoqchi bo`lgan tadbirkor ovorayu sarson 

14.02.2021 05:45

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Hotamovich ShERMATOVga ochiq xat.

Samarqand shahridagi 60-umumta`lim maktabiga sport zali qurib bermoqchi bo`lgan tadbirkor Alisher Asliev etti oydan beri ovorayu sarson. Xalq ta`limi vazirligi tomonidan kerakli xatni tayyorlab berish oylar davomida paysalga solinmoqda. Aslida hashar yo`li bilan qurilgan sport zaliga na Xalq ta`limi vazirligi va na viloyat xalq ta`limi boshqarmasining daxli yo`q. Chunki ularning bir so`mi ham bu bino qurilishiga sarf qilinmagan.

Samarqand shahar Bog`imaydon mahallasida 2004 yili hashar yo`li bilan sport zali qurilgan edi. U mahallaning yoshu qarisi uchun sog`lomlashtirish mashqlarini bajarishga xizmat qilib keldi. Sportzalda bir qator sport turlari bo`yicha seksiyalar ham tashkil etildi.

Mahalla ahli sport zali ro`parasida joylashgan 60-umumta`lim maktabining yopiq zali bo`lmagani bois jismoniy tarbiya darslarini o`tkazish uchun sport zalini maktabga berishga qaror qilishdi. 2013 yil sportzal maktab balansiga o`tkazildi.

Oxirgi yillarda eskirib, tomidan chakki o`tadigan bo`lib qolgan, rekonstruksiya qilishga esa imkon yo`qligi bois sport zalidan foydalanilmayotgan edi. Chunki o`quvchilar bilan dars o`tish xavfli bo`lib qoldi. Maktab direktori Shoista Ulug`ovaning sport zalini rekonstruksiya qilish bo`yicha viloyat XTBga qilgan murojaatini o`rgangan mutaxassislar hashar yo`li bilan barpo etilgan binoni rekonstruksiya qilishdan ko`ra yangisini qurish arzonroqqa tushadi degan xulosani bildirishgan.

Shundan so`ng Sh.Ulug`ova Xalq ta`limi vazirligiga, viloyat rahbarlariga, hatto Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga maktab uchun sport zal qurish masalasini hal qilishda ko`maklashishni so`rab murojaat etdi. Ammo bunga javoban hech qanday amaliy ish qilinmadi. Shunday ekan, nega vazirlik pastdan chiqqan tashabbusni jon jahdi bilan qo`llab-quvvatlash o`rniga, shunday xayrli va o`ta muhim ishni bajarishga imkon bermayapti?

Endi masala mohiyati haqida

Bundan bir yil avval mahallamizda bo`lgan Samarqand viloyati hokimi sport zal ahvoli bilan tanishgach, mutaxassislar bilan maslahatlashib, uning joyini tadbirkorga berishni, buning uchun tadbirkor davlat-sherikchilik asosida maktab uchun zamonaviy sport zali qurishi maqsadga muvofiq bo`lishi haqida fikr bildirgan edi.

Mahalla aholisi maslahatlashib, bu ishni amalga oshirishni shu mahallada yashovchi tadbirkor Alisher Aslievga taklif qildi. A.Asliev davlat-sherikchilik asosida maktabga yangi sportzal qurib berishni va eski sport zal binosi o`rnida tadbirkorlik ob`ektlari qurishga rozilik bildirdi. Maktabda tahsil olayotgan farzandlar uchun zamonaviy sport zal qurilishi va ko`plab yangi ish o`rinlari yaratadigan savdo-xizmat ko`rsatish kompleksi barpo etilishidan hamma xursand bo`ldi.

Tadbirkor yangi sport zalining loyihasini tayyorladi. 2020 yilning 26 oktyabrida shaharsozlik kengashi ushbu loyihani tasdiqdan ham o`tkazdi. A.Asliev yuqori idoralarga “agar barcha hujjatlar tayyorlab berilsa, men maktab uchun talab darajasidagi zamonaviy sport zali qurishga kafolat beraman. Faqat shundan keyingina eski sport zal binosi o`rnida savdo-maishiy kompleks qurish ishlarini boshlayman” degan mazmunda kafolat xati ham yozib berdi.

Bunga shahar va viloyat mutasaddi idoralari rozi edi. Sog`lom aqlli har bir kishi ham bunga rozi bo`lmasligi mumkinmi? Yo`q joydan, bir so`m ham sarflamasdan zamonaviy inshootga ega bo`lish kimga ham yoqmaydi deysiz?!

Ammo xayrli va foydali ishni tushunmaydigan, hamma joyda shubha bilan yuradiganlar mavjudligi o`ta achinarlidir. Gap shundaki, sport zal qurilishiga hech qancha mablag` sarflamagan shahar xalq ta`limi bo`limi balansida bo`lganligi sababli tadbirkorga uning joyini berish uchun Xalq ta`limi vazirligi ruxsati kerak ekan. Ana shu erda sansalorlik, qog`ozbozlik va befarqlik boshlandi.

Dastlab vazirlik bu ishga ruxsat bermadi. So`ngra Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Ibrohim Jo`raev Samarqandda bo`lgan paytida joyiga kelib, ahvol bilan tanishdi, tadbirkor bilan uchrashdi va loyiha maqsadga muvofiq ekanligiga amin bo`ldi. Toshkentga qaytgach, kerakli maktub tayyorlab yuborishga va`da berdi.

Vazirlik roziligini olish uchun tadbirkor dastlab viloyat XTBga murojaat qildi. Boshqarmaning 2020 yil 27 oktyabrda vazirlikka yuborgan maktubiga faqat 3 dekabrda bir jumladan iborat javob olindi. Unda yangi sport zali binosi qurib berilgandan so`ng mavjud sport zali binosi shahar hokimligi zaxirasiga o`tkazishiga vazirlik qarshi emasligi bildirilgan edi.
 

Bu shartga aqli joyida bo`lgan odam rozi bo`lmasligi kundek ravshan-ku! Javobning mazmuni eski bino shahar hokimligi balansiga o`tkazilishi uni keyinchalik kim oshdi savdosiga qo`yib sotilishini bildirardi. Alal-oqibat katta inshoot qurib bergan tadbirkor quruq qolib ketishi mumkin.

Tadbirkor va shahar hokimligi qurilish bo`limi viloyat XTBga yana murojaat bilan chiqib, vazirlikdan boshqa mazmunda xat kerakligini bildirishdi va xatning loyihasini ham yuborishdi. Shunga ham bir oycha bo`lib qoldi. Ammo natija yo`q. O`z mahallasiga yordam qo`lini cho`zmoqchi bo`lgan tadbirkor hayron. U yangi sport zali uchun sarflanadigan 2 milliard so`mcha mablag`ga auksiondan bo`sh er yoki bir nechta hovlilarni sotib olib, o`rniga yangi ob`ektlarini qursa bo`ladi-ku! Nega buni beli og`rimagan vazirlikdagilar tushunmaydi?

Toshpo`lat Rahmatullaev,

jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
16.02.2021 17:37
Ерни ҳокимият ажратади. Вазирлик ўз ваколати доирасида жавоб берган. Тадбиркор қолган масалаларни ҳокимият билан келишиши керак. Қонунчиликда шундай.