12 yoshida turmushga chiqqan qiz, 14 yoshda oila a`zolarini barchasini qabrga qo`ygan bola hikoyasi. Islom davlati lagerlarida o`zbekistonliklar hayoti qanday bo`lgan edi?

24.01.2021 11:48

O`zbekiston o`tgan ikki yilda Islom davlati lagerlaridan 244 nafar bola va 73 nafar ayollarni, jami 317 nafar hamyurtlarimizni ortga qaytardi. Terrorchilar nazorati ostidagi hayot qanday bo`lgan? Bu haqida Yaqin Sharqdagi ixtiloflar hududida bo`lganlarning o`zlari Rost24 muxbiriga so`zlab berishdi.                   

                                 Islom dinida o`gay qizga ko`z olaytirish bormi?

 

Oyna oldida bir ayol o`ychan nigoh bilan sihatgoh ayvonida qiyqirishib o`ynayotgan bolalar tomonga qaraydi. Men yaqinlashar ekanman suhbat qilishni istamay orqaga tisarildi.

  •  Qo`rqmang faqat suhbatlashamiz, ovozingizni yozmayman, suratga ham olmayman... Bolalar orasida farzandingiz bormi? 
  • ...yo`q
  • Ha turmushga chiqmagan ekansizda, bu erdagi ayollarning taqdiri ancha ayanchli ekan...
  • Siz qaerdan bilasiz balki meniki ularnikidan ayanchliroqdir... Lekin, hammasiga o`zim aybdorman...aldovlarga ishonmasligim kerak edi. Sen Islomga hizmat qilasan deyishgandi. 
  • Ismingizni ham o`zgartirib beraman...

Shundan so`ng oramizda ishonch paydo bo`ldimi Robiya o`z hikoyasini aytib berdi. 

  • “Men 18 yoshimda o`zim tug`ilib o`sgan Namanganda turmushga chiqdim. Erim 2010 yilda daromad topish maqsadida Rossiya Federasiyasiga ketdi. U erda birga yashaydigan qishloqdoshlarimiz bilan birga turgani uchun meni olib ketmadilar, lekin islomiy kitoblar jo`natardilar, diniy saytlarga havolalar berardilar men internetdan o`qirdim. Ularda asosan meni erga itoat qilishim va jihodga ko`maklashsam jannatga tushishim haqida gaplar bo`lardi. Oradan ikki yilcha o`tgach men ham turmush o`rtog`imning yoniga bordim. Keyinroq farzandlarimizni ham olib ketdik. Men u g`oyalar to`g`riligiga ishonardim. U erda birga bir yilcha yashaganimizdan so`ng meni Pokistonga jo`natdilar, bolalar islomni o`rganadi dedilar. Diniy tarbiya olarkan deb hursand bo`ldim va o`z ixtiyorim bilan kettim. Pushaymonman. Hali ham kechirishdi, men kechirishmasa kerak deb o`ylagandim. Insonparvarlik, bag`rikenglik aslida o`zimizda ekan. Agar 10 yil ortga qaytganda edi, hech qachon bormagan bo`lardim u jahannamga”.
  • Bir o`zingiz ketgandingizmi Pokistonga? Islomiy erkaklar ayollarni erlarisiz bir o`zini jo`natishmasdi-ku.
  • Ha, lekin birodarlarimiz bor deb meni jo`natdilar. U erda meni kutib olishdi. Lekin, bolalarimga islomiy ta`lim berganimiz yo`q. Eringni yoniga borasan deb Suriyaga jo`natishdi. U erda erim yo`q edi. Qizim 9 yoshda, o`g`lim 5 da. Bir oycha Al-holdagi lagerda yashadik. Keyin meni boshqa odamga turmushga berishdi. Yoshligimdan arabcha o`rganganim sababli men o`z haqqimni so`ray oldim va turmushga chiqishga qarshilik qildim, iddam tugamaganini ayttim. Lekin, hech kimga bu qiziq emasdi. U o`lgandan keyin yana boshqasiga erga berishdi. Mendan rizolik so`rashmadi ham. Bir kun men turmushga chiqqan erkak qizim balog`atga etgan-etmaganini so`radi. Tushunmadim. Hali 10 ga to`lmagan dedim. Lekin, u suqlanib qarashda davom etdi. Qo`rqib kettim. U ketganda qizimni o`zbekistonlik tanishlarimning uyiga olib boraman deb, kiyimlarini olib uydan chiqayotganimizda u qaytib kelib qoldi va qizimni qo`limdan yulib olib ketdi. Keyin uniyam qizimniyam ko`rmadim...
  • Islom davlatini nomida Islomku,... Hayot shariat qoidalari asosidamasmidi?
  • Qo`ysangizchi qanaqa Islom? O`shanda ketmasligim kerak edi. Bu erdagilar shahid bo`ladi deb aldashadi. Siz shu gap uchun hamma narsaga ko`nishingiz uchun ancha tayyorlashadi. Boshida oddiy hamma ishonadigan qoidalardan boshlanadi. Keyin esa siz nima bo`layotganini tushunmaysiz ham. Lekin aslida, bu hech qanday jihod emas. Hammasi ularning ihtiyorida. Ular nasha ham chekishi mumkin, ichishi ham mumkin, istaganini o`ldirishi mumkin. Faqat jangarilar, oddiy ojizalar esa umuman hech narsaga arzimaydi. Xotinlarni birovdan olib birovga berish ham ularning ihtiyorida. Faqat nafsni qondirsa bo`ldi. Kichkina o`g`il bolalarni nega olib chiqib ketadi katta jangarilar, xo`sh?? Islomda o`gay qizga ko`z olaytirish bormi? Musulmon birodarni o`ldirish bormi? Go`dakni o`ldirish, zo`rlash bormi...

                 Suhbatimiz shu erda tugadi. Ayol yig`lagancha otliqib yonimdan ketib qoldi. Keyin hamroxlaridan surishtirsak, u Suriyada ikki farzandidan ham ayrilgan ekan.

 

Tadqiqotlarga qaraganda “jihodchi” guruhlar o`z safiga yangi shaxslarni jalb etishda maxsus yollangan guruhlarning targ`ibotchilari orqali ko`p vaqtini internetda o`tkazuvchi, vaqtincha ishsiz, xorijda pul topish ilinjida yurgan va ijtimoiy holatdan norozi shaxslarni o`z saflariga qo`shish maqsadida ular bilan go`yoki “musulmonlarning azoblanayotgani” suhbatlar olib boradilar.

 

So`ngra islom olamidagi “muammolar” sanab o`tilib, aybdorlar sifatida dunyoviy davlat va jamiyat ko`rsatiladi. Bundan keyin esa barcha muammolarning “echimi” sifatida “kofirlarga” qarshi “jihod” qilish taklif etiladi. Buning uchun avvalambor “hijrat” qilish lozimligi uqtiriladi. Jahon OAVlaridagi intervyularni kuzatganingizda esa Suriyada bo`lib, jangarilar safidan qutula olganlarning aksariyati bu hududda islomiy an`analar amal qilmasligini va faqat manfaatlar ustuvorligini aytib berishgan. 

 

Orzu nima degani?

Abdurazzoq 14 yoshda. Hali bola bo`lsada, kattalar ko`rmagan fojiaga guvoh bo`lgan. U ota-onasining xatolari tufayli oila a`zolari bilan urush o`choqlariga kelib qolgandan so`ng ma`lum vaqt o`tib, otasi, onasi, akasi-singlisini o`z qo`li bilan qabrga qo`yishga ulgurgan. Nigohi tubida ana shu fojea hamon iz qoldirib turgan bu bolakay kichik jussasiga allaqachon kattalikning zalvorlarini ilib olgan. U Suriyadagi kunlarini shunday eslaydi:

  • Suriyada jangarilar nazoratida katta qamoqxona bor.  Hamma narsa ichkarida. Faqat ikki xil ovqat eymiz. Ba`zida bolalarni jangarilar olib chiqib ketishadi, qiynashadi. Onam va singlim tish shifokoriga chiqaman deb uydan chiqishgandi... biroq qaytib kelmadi. Keyin bilsak o`ldirilgan. Keyin dadam uylandi. Otam xozir chiqib qaytaman dedi-yu, jangarilar tomonidan olib borilayotgan urush tufayli halok bo`ldi. Keyinchalik akam ham noto`g`ri maqsadi va jangarilarni aldovlari tufayli o`ldirildi. Keyin o`gay onam qo`lida qoldim. Shakar bering desam bermasdi, o`z bolalarini yonini olib meni urardi...Keyin uydan chiqarib yubordi.  Umbar xolanikiga kettim. Ular menga O`zbekistonga qaytishimizni aytti men xursand bo`ldim. Hech qachon u yoqqa qaytib bormaslikni xoxlayman. 
  • Orzularingiz bormi?
  • Orzu u nima degani...

 

“Suriya inson huquqlari tarmog`i” (SNHR) tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, 2011 yilning martidan 2020 yil iyungacha Suriyada 29 296 nafar bola halok bo`ldi, yaralandi yoki nogiron bo`lib qoldi. 

 

                               “Hech kimga bu hayotni ravo ko`rmayman”

Asiya erga qaragancha kameralar ob`ektividan qochishga harakat qiladi. O`zini 20 yoshdaligi aytayotgan bu ayol ikki farzandning onasi. Hammasi bolaligida boshlanganini, uning ixtiyori hech qachon o`zida bo`lmaganini alohida qayd etgan Asiya hali qo`g`irchoq o`ynash yoshida farzandli bo`lgan. Bizning savollarimizga biroz maxzunlik, biroz hadik bilan javob berar ekan, ajib tabassum bilan dardini yashirishga harakat qiladi. Hozir sal achinish bildirsangiz yig`lashi tayin, lekin o`zida jilmayish uchun kuch topadi...U bolaligida bunday hayotni orzu qilmaganini agar, hayot qaytadan boshlanganida, ota-onasidan faqat bir narsani, o`sha safarga chiqmaslikni so`ragan bo`lishini aytadi. 

 

  • Qiziqishlarim hammasi o`lib ketgan. Kattalardek hayot kechirardik. Yosh bolaligimmi bilmayman uncha tushunmasdim nimalar bo`layotganini.  Al-xolda lagerga tushdik, homilador edim. Bolalarim bilan yomg`irlarda ko`chada yotganman. 3-4 kunlab ovqat emagan kunim bo`lgandi. Turmush o`rtog`im jangda halok bo`lgandi. Nima qilishni bilmasdim. Bolalarim kelajagi uchun qo`rquvda edim. O`zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu insonparvarlik operasiyasini eshitib juda xursand bo`ldim. Islom davlati jangarilari qo`lidan chiqib keta olmasam kerak deb o`ylagandim. Onam ko`p marotaba bu jahannamdan qochib ketishga harakat qilganlar lekin, bunga erisha olmay olamdan o`ttilar. Men uchun hayotimdagi eng baxtli kun vatanimga qaytish bo`ldi. Sal eshiklar qattiqroq yopilsa farzandlarim haligacha qo`rqishadi, xuddi nimadir bo`ladigandek, cho`chib uyg`onishadi.  Meni orzuim tinch hayot edi unga erishdim. Juda xursandman. 

 

Asiyadan kelajak rejalari haqida so`raganimizda, o`z kelajagini farzandlari bilan bog`lashini agar imkon bo`lsa albatta o`qishga kirishni istayotganini aytdi. 

 

Shuni aytish lozimki, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yo`lga qo`yilgan “Mehr” operasiyalari faqat urush hududidan fuqarolarimizni qaytarib olib kelish emas, balki ularni jamiyatga moslashuvini ham nazarda tutuvchi maxsus dasturlarga ega. Aldov oqibatida o`zga yurtga borib qolib, og`ir hayotiy davrni boshidan o`tkazgan bu insonlarga hukumat tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatiladi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta`lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan ta`minlash choralari ko`riladi. 

 

«Mehr» operasiyasi birinchi marta 2019 yil 30 mayida o`tkazilgan, unda 107 nafar bola va 48 nafar ayol Suriyadan vatanga qaytarilgan edi. O`sha yili 10 oktyabrda esa 64 nafar bola Iroqdan olib kelindi. 2020 yil 8 dekabr kuni "Mehr" operasiyasining navbatdagi bosqichi amalga oshirildi.Suriyaning jangovar harakatlari olib borilayotgan hududlaridan 98 nafar O`zbekiston fuqarosi, ya`ni 25 nafar ayollar va 73 nafar bolalar Vatanga qaytarildi. Begunoh bolalarning 14 nafari chin etimlardir.

 

Bunday amaliyot yana qaerlarda amalga oshirilgan? Xalqaro ekspertlar bu haqida qanday fikrda?

 

Bu amaliyot dunyoning boshqa davlatlarida ham joriy etilgan. Xorijiy jangari-terroristlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari bo`lishi mumkin bo`lgan ayollar va bolalarga yordam ko`rsatish muhimligi BMT Xavfsizlik kengashining 2396-rezolyusiyasi bilan tasdiqlangan.

BMT ma`lumotlariga ko`ra, "Al-Xol" va "Roj" lagerlarida 60 mingdan ortiq mahalliy terrorchilar va chet ellik jangarilar, shuningdek 10 mingdan ortiq ayollar va bolalar (ularning aksariyati 12 yoshgacha) bor. Ayollar va bolalar turli sabablarga ko`ra, terrorchilar yonida bo`lib qolishgan, ularga turmushga chiqib, farzandlarni dunyoga keltirishgan.

 

BMT vakolatli ekspertlari fikriga ko`ra, O`zbekiston o`z fuqarolarini birinchi navbatda, ayollar va bolalarni harbiy mojarolar zonalaridan bilan shug`ullanadigan dunyodagi kam sonli davlatlardan biridir. “Shu bilan birga, Toshkent har bir BMTga a`zo davlat o`z fuqarolarining taqdiri uchun qaerda bo`lishidan qat`i nazar, javobgar ekanligini amalda namoyish etadi. Respublika tajribasi ko`plab boshqa mamlakatlar uchun yaxshi o`rnak namunasidir”, deyiladi BMT vakillari bayonotida.

                                                             

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
25.01.2021 14:49
Улиб кетиш керак эди хаммаси жангариларни оилаларини .Уз хохши билан кетган.Сурияни топиб борибди .Келишни хам билибди.Адашмаган.Янги Узбекистонга факат жиноятяилар жангарилар керак экан.Вакт соат келиб бу Суриядан келганлар бир нимвларни бошлайди.
25.01.2021 13:55
Оз ихтиёри билан кетган ва кон корган,болалари учун сурия ватан агар киндик кон токилган жой ватан болса
25.01.2021 09:17
"Qur'oni Karim"ning birinchi surasida (Iqro) ilk aytilgan söz "o'qi" dir. Köpchiligimiz islomga e'tiqod qilamiz lekin öqimaymiz, bilim olmaymiz, "Qur'on"ni ham öqimaymiz va kimlardandir eshitib "muqaddas kitobimizda shunday deyilgan ekan"- deb har kimga ergashamiz. Islomga odamlardan eshitib emas, kitob öqib islom ilmini örganib, "Qur'on"ni öqib ergashishimiz kerak.